O‘zbekiston tumanida qayta ishlangan mevalar Xitoyga eksport qilinmoqda







Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston tumani hokimining o‘rinbosarlari boshchiligidagi tuman delegatsiyasi joriy yilning mart oyida Xitoy davlatining qator provinsiyalarida bo‘lib, xitoylik ishbilarmonlar bilan hududlararo investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilgan va qator kelishuvlarga erishilgan edi. Ana shu investisiyalar va savdo sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida xitoylik ayni sarmoyadorlar O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi. Tuman hokimi Ravshanbek Begmatov Xitoyning Urumchi shahri hamda Chjeszyan, Shandun va Xebey kabi provinsiyalarda faoliyat ko‘rsatuvchi turli kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuv ham Xitoydagi samarali muloqotlarning mantiqiy davomi, erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yana bir yaxshi imkoniyat ekani ta’kidlandi. Mehmonlarga tumanda yetishtirilayotgan va qayta ishlangan meva-sabzavot hamda dukkakli mahsulotlardan iborat kichik ko‘rgazma namoyish etildi. Hududlardagi mevali bog‘lar, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari va supurgichilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkorlar faoliyati bilan tanishtirildi. Qayd etish joiz, tuman va viloyat delegatsiyasining o‘tgan oylarda Xitoy davlatiga tashrifi davomida tumandagi “Yahyohon Trade 2020” oilaviy korxonasi va xitoy kompaniyalari o‘rtasida korxona tomonidan qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini Xitoy davlatiga eksport qilish bo‘yicha 5 mln dollarlik eksport shartnomasi va 10 mln dollarlik istiqbolli investisiya kelishuvlari rasmiylashtirilgan edi. Ana shu kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida mehmonlarning tumanga tashrifi doirasida korxona mahsulotlarining dastlabki qismi Chin yurtiga eksportga yo‘naltirildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!